O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi — O‘zbekiston Respublikasi xalqlari tarixiy-madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadigan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan, O‘zbekiston hududida yashagan va yashayotgan xalqlarning moddiy va ma'naviy hayotini aks ettiruvchi, yaratilgan joyi, vaqti, manba turi va mulkchilik shaklidan qat'i nazar, tarixan paydo bo‘lgan, doimo to‘ldirib boriladigan va doimiy saqlanishi kerak bo‘lgan arxiv hujjatlarining majmuidir.

         «Arxivlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida Nizom»(O‘.R. MAF) tasdiqlanib,uning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan barcha arxiv hujjatlarining to‘liq qamrab olinishini ta'minlashga, O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining yaxlitligini saqlab qolishga va fuqarolar, jamiyat va davlatning ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, ekspertiza qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ulardan foydalanishning yagona tartibini belgilashga qaratilgandir.

        Hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga o‘tkazish yoki hujjatlarni undan chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi organlari va muassasalari tomonidan nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar bilan birgalikda ularning hujjatlari qimmati ekspertiza qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlari saqlanish joyi va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va hisobga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi davlat va nodavlat arxiv fondlaridan tashkil topadi.

Davlat arxiv fondini quyidagilar tashkil etadi :

a) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiruvchi hududdagi mavjud va o‘zining barcha tarixi davomida mavjud bo‘lgan davlat yuridik shaxslari arxiv hujjatlari :

  • davlat hokimiyati va boshqaruvining oliy, respublika va mahalliy, fuqarolarning o‘z o‘zini boshqarish organlari, prokuraturalar, sudlar, banklarning ;

  • sanoat, transport, aloqa, kapital qurilish, qishloq xo‘jaligi va xalq xo`jaligining boshqa tarmoqlari, fan, xalq talimi, madaniyat sohasidagi davlat korxonalari, muassasalari, tashkilotlar va birlashmalarning ;

  • ustav kapitalida davlat mulki bo‘lgan aralash mulkchilik shakllaridagi korxonalar, tashkilotlar va birlashmalarning ;

  • vatanimizning chet elda bo‘lgan va (yoki) chet eldagi davlat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va birlashmalarining faoliyatida paydo bo‘lgan arxiv hujjatlari ;

b) kasaba uyushmalari, siyosiy tashkilotlar, ijodiy va boshqa jamoat tashkilotlari, birlashmalarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgunga qadar o‘z faoliyatlarida paydo bo‘lgan hujjatlari, din davlatdan ajratilgungacha bo‘lgan davrga tegishli diniy muassasalarning arxiv hujjatlari ;

d) O‘zbekiston Respublikasi hududida harakatda bo‘lgan barcha darajadagi harbiy qismlar boshqarmalari va shtablari, qo‘shilmalar va birlashmalar, o‘quv muassasalari va boshqa milliy muhofaza qilish va xavfsizlik muassasalari, tashkilotlari, armiya, chegara va ichki qo‘shinlarning arxiv hujjatlari;

e) qonuniy asosda davlat mulkiga, shu jumladan, chet ellardan kelib tushgan yuridik va jismoniy shaxslarning arxiv hujjatlari ;

f) arxiv hujjatlarining asl nusxasi, shuningdek, davlat mulkiga chet ellardan qonuniy asosda kelib tushgan arxiv hujjatlari nusxalari.

2. Nodavlat arxiv fondi:

a) jamoat birlashmalari va tashkilotlaridagi yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, kasaba uyushmalari, xayriya jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar, siyosiy partiyalar va harakatlar, diniy birlashmalar va tashkilotlarning ;

b) nodavlat birlashmalari (kompaniyalar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, aksiyadorlik jamiyatlari)dagi sanoat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari, qishloq xo`jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, fan, madaniyat, ta'lim, ijtimoiy soha, ommaviy axborot vositalarining ;

d) jismoniy shaxslardagi (shaxsiy hujjatlar, oilaviy arxivlar, hujjatlar kolleksiyasi va boshqalar) nodavlat yuridik va jismoniy shaxslarning arxiv fondlari va arxiv hujjatlaridan tashkil topadi.

Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat arxiv fondi hujjatlarini saqlash maqsadida tashkil etilgan arxivlarda yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning tarkibiy bo‘linmalarida doimiy saqlashni ta'minlaydilar.

Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar o‘z hujjatlarini davlat mulki qilib davlat arxivlari, muzeylar va kutubxonalarda saqlashga berishlari mumkin. Bunday ishlar bitim (shartnoma) bilan, zarur hollarda hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanish shartlari aniqlangan holda rasmiylashtiriladi.

Nodavlat korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalar tugatilganda yoki shaxsiy arxiv egasi vafot etganda, vorislar va qonuniy merosxo‘rlar bo‘lmaganda ularning hujjatlari davlat mulkiga o‘tkazilib, doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga topshiriladi.

Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat arxiv fondi hujjatlarini vaqtinchalik, shu jumladan, depozitar saqlashga davlat arxivlariga, muzeylarga va kutubxonalarga berishlari mumkin.

Nodavlat arxiv fondi hujjatlarini vaqtincha, shu jumladan, depozitar saqlashga berish shartlari va tartibi hujjat egalari bilan davlat arxivlari, muzeylar va kutubxonalar o‘rtasida tuzilgan bitimlar (shartnomalar)da belgilanadi.

Hozirgi paytda davlat arxivlarida saqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlari 6,0 mln. saqlov birligini tashkil etadi, shu jumladan 38,0 mingdan ortiq ilmiy-texnikaviy hujjatlar, 16,0 mingdan ortiq kinohujjatlar, 402,0 ming surat hujjatlari, 14,0 ming ovozli hujjatlar.

Idoraviy arxivlarda 1,6 mln. saqlov birligida doimiy saqlanadigan hujjatlar mavjud. 6 mln. negativ kadrdan iborat sug‘urta fondi yaratilgan.

 

 

ASOSIY TUSHUNCHALAR

 

Arxiv - arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi davlat yoki nodavlat muassasasi, idoraviy arxiv;

Arxiv ko'chirmasi – arxiv hujjati matnining muayyan bir fakt, voqea, shaxsga tegishli qismi so'zma-so'z bayon etilgan, arxiv shifri va saqlov birligi varaqlarining raqamlari ko'rsatilgan, arxiv blankida tuzilgan arxiv hujjati;

Arxiv hujjatlari - fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyatliligi sababli saqlanishi lozim bo'lgan matnli, qo’lyozma va mashinada o’qiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasmalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, haritalar, shuningdek boshqa moddiy manbalardagi yozuvlar;

Arxiv kollektsiyasi - bir yoki bir nechta belgilari (mavzusi, qimmatliligi, ob'ekti, muallifligi, davriyligi va boshqalar)ga ko'ra birlashtirilgan, kelib chiqishi turlicha bo'lgan alohida hujjatlar yig’indisi;

Arxiv nusxasi – tegishli tartibda tasdiqlangan, arxiv shifri va saqlov birligi varaqlarining raqamlari ko'rsatilgan arxiv hujjatining so'zma-so'z bayon etilgan nusxasi;

Arxiv ma'lumotnomasi - yuridik kuchga ega bo'lgan va so’rovnoma asosidagi hujjatli ma'lumotga ega bo'lgan, berilayotgan hujjatlarning shifri, saqlov birligi varaqlarining raqamlari ko'rsatilgan, arxiv blankida tuzilgan  arxiv hujjati;

Arxiv fondi - yuridik yoki jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yaratilgan, tarixiy yoki mantiqiy jihatdan o'zaro aloqador arxiv hujjatlari majmui;

Kelib chiqishi shaxsiy (oila, urug’) arxiv fondi - ayrim shaxs, oila, urug’ hayoti va faoliyati jarayonida shakllangan hujjatlardan tarkib topgan arxiv fondi;

Saqlov birligi/hisob birligi – jismoniy ixtisoslashgan arxiv hujjati;

Arxivni jamlash manbai – arxiv hujjatlari bilan fondga tegishligigiga ko'ra jamlanib boruvchi arxivning fond tashkil etuvchisi;

Arxiv hujjatlaridan foydalanish – arxiv hujjatlarini xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy, madaniy, ma'rifiy, ta'lim maqsadida va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda arxivlar tomonidan foydalanuvchilarga taqdim etish;

Kataloglar – arxiv fondlari, saqlov birligi/hisob birligi, arxiv hujjatlari (yoki ularning qismlari) mazmuni to'g’risidagi ma'lumotlar mavzu yoki soha bo'yicha belgilangan tasniflash sxemasi asosida joylashtirilgan arxivning fondlararo arxiv ma'lumotnomasi;

Jamlash – arxivni arxiv hujjatlari bilan muntazam to'ldirib borish maqsadida amalga oshiriluvchi arxiv fondi doirasida arxiv hujjatlarini fondlashtirish hamda tashkil etish va jamlash manbalaridan ularni qabul qilib olish maqsadida yo'nalishi va darajasi bo'yicha zaruriy arxiv hujjatlari bilan to'ldirib borishga doir ishlar majmui;

Ilmiy-ma'lumotnoma apparati (IMA) – arxiv hujjatlarining tarkibi va mazmuni to'g’risidagi yagona ilmiy-uslubiy asosda tuzilgan, bir-biri bilan bog’liq, o'zaro to'ldiruvchi arxiv ma'lumotnomalari majmui (arxivning ilmiy-ma'lumotnoma tizimi);

Sharhlar – arxiv hujjatlarining alohida komplekslari tarkibi va mazmuni to'g’risidagi tizimlashtirilgan ma'lumotlardan iborat bo'lgan, ularning manbashunoslik tahlili bilan to'ldirilgan arxiv ma'lumotnomalari;

Birlashtirilgan arxiv fondi – bir-biri bilan tarixiy va/yoki mantiqiy aloqalarga ega bo'lgan ikki yoki undan ortiq tashkilotlar, shuningdek o'zaro tarixiy va/yoki mantiqiy bog’liq aloqalarga ega bo'lgan fuqarolarning faoliyati jarayonida paydo bo'lgan arxiv hujjatlaridan iborat arxiv fondi;

Yig’majild (hujjat)lar ro'yxati – saqlov birliklari/hisob birliklari tarkibi va mazmunini ochib berish, ularning fondlar ichida tizimlashtirilishi va hisobini mustahkamlash uchun mo'ljallangan arxiv ma'lumotnomasi;

Foydalanuvchi – arxiv hujjatlaridan zarur ma'lumotlarni olish va ulardan foydalanish uchun arxivga murojaat etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;

Arxiv hujjatlarning mavjudligi va holatini (mavjudligini) tekshirish – saqlanayotgan arxiv hujjatlarining xaqiqatda mavjudligini aniqlash va yo'qolgan hujjatlarni topishni tashkil etish uchun ularni aniqlash, konservatsion-profilaktik va texnik  ishlash lozim bo'lgan arxiv hujjatlarini hisobga olishdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladigan ishlar majmui;

Yo'l ko'rsatkich – muayyan tartibda foydalanuvchining arxiv fondlari tarkibi va mazmuni bilan umumiy tanishtirishga mo'ljallangan arxiv fondlari to'g’risidagi ma'lumotlar mavjud bo'lgan arxiv ma'lumotnomasi;

Sug’urta nusxa - alohida qimmatli yoki noyob hujjatning boshqa moddiy manbadagi, asl nusxada mavjud bo'lgan axborotni o’qish yoki ko'rish (eshitish) imkonini beruvchi ko'chirma nusxasi;

Arxiv hujjatlarining mavzuli sharhi – foydalanuvchining so'rovi yoki arxivning tashabbusiga ko'ra ma'lum mavzu bo'yicha arxiv hujjatlari, saqlov birliklari/hisob birliklarining sanasi va arxiv shifrlari ko'rsatilgan holda tuzilgan qisqa yoki izohlangan sarlavhalari ro'yxati;

Topografik ko'rsatkichlar – arxiv saqlovxonasida hujjatli materiallarning joylashtirilishi to'g’risidagi ma'lumotlar ro'yxati;

ko'rsatkichlar – arxiv hujjatlarida keltirilgan predmet nomlarining ular haqidagi ma'lumotlar arxiv shifrini ko'rsatgan holda, alifboli, tizimli yoki boshqa biron-bir belgisiga ko'ra tuzilgan arxiv ma'lumotnomalari;

Tartibga keltirish – arxiv ro'yxatlarini tuzish, yig’mjildlarni shakllantirish va rasmiylashtirish, hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o'tkazishni o'z ichiga olgan hujjatlarni ilmiy-texnikaviy ishlash va arxivlarda saqlash uchun tayyorlash, shuningdek arxiv ro'yxatlarini tuzish  bo'yicha ishlar majmui;

Arxiv hujjatlarining hisobi – arxivlar tomonidan arxiv hujjatlari va arxiv fondlarining muntazam ravishda kelib tushishi, mavjudligi va holatini  belgilangan birliklar asosida aniqlash hamda ularni hisob hujjatlarida aks ettirish bo'yicha tizimli monitoring olib borish;

Fondlashtirish – arxiv hujjatlarining fondlarga tegishliligini va arxiv fondlarining davriy chegaralarini aniqlash bo'yicha ishlar majmui;

Ekspert komissiyasi (EK) – korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hujjatlarining, shu jumladan boshqaruv (ish yuritish), ilmiy-texnika va boshqa maxsus hujjatlarning qimmatliligi ekspertizasini tashkil etish va ularni arxivda saqlash uchun topshirishga tayyorlash bo'yicha ishlarni tashkil etish va amalga oshirish uchun tashkil etiladigan doimiy faoliyat yurituvchi komissiya;

Ekspert-tekshiruv komissiyasi (ETK) – davlat arxivlari, hududiy arxiv ishi boshqarmalarida boshqaruv (ish yuritish), ilmiy-texnika va boshqa maxsus hujjatlar qimmatliligi ekspertizasini tashkil etish va hujjatlarni arxivlarga saqlash uchun topshirishga tayyorlash bo'yicha uslubiy va amaliy ishlarni o'tkazish hamda davlat arxivlarining jamlash manbai bo'lgan tashkilot, muassasa, korxonalarning Markaziy ekspert komissiyalari (MEK) va ekspert komissiyalari (EK) faoliyatiga rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirish uchun tuziladigan doimiy faoliyat yurituvchi komissiya;

Arxiv hujjatlarini saqlash – arxivlarda arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta'minlashga doir chora-tadbirlar majmui.